logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Agentlik haqida

foto

Biz haqimizda

18045

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik, ILMA) – kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

ILMA missiyasi – xalqaro standartlarga javob beradigan bozor yaratish, mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha kapital va investitsiyalarni jalb etish, investorlar himoyasini ta’minlash hamda fuqarolar farovonligini oshirish uchun sharoit yaratish.

Biz mahalliy va xorijiy soha mutaxassislari bilan hamkorlik qilib, global iqtisodiy va moliyaviy muhitning tez o‘zgaruvchan sharoitlari bilan hamqadam bo‘lish uchun o‘zimizning yondashuv, tamoyil va qoidalarimizni faol ravishda takomillashtirib boramiz.

Agentlik fuqarolar, investorlar, bozor ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, sohada yuzaga kelayotgan muammolarga tezkorlik bilan javob berish tarafdori hisoblanadi.

Agentlik yuridik shaxs huquqiga ega davlat muassasasi hisoblanadi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir.

 

AGENTLIK TARIXI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 2017 yilda tashkil etilgan.

LBMA ga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti, O‘zbekiston tomonidan jalb qilinadigan davlat maqsadli jamg‘armalar, xorijiy kreditlar va grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat va hududiy dasturlarni, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifalari yuklatilgan edi.

2022 yil aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sifatida qayta tashkil etildi. Farmonga muvofiq, Agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli etib belgilandi.

2023 yil sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan Agentlikka Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar savdosining tashkilotchilari va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi faoliyatini tartibga solish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, shuningdek, sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlari o‘tkazildi. Agentlik ushbu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

Shuningdek, «Fond bozorining axborot resurs markazi» davlat unitar korxonasi va Korporativ axborot yagona portali Agentlikka beg‘araz o‘tkazildi.

2023 yil noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasidagi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi vazifa, funksiya va vakolatlari Agentlikka topshirildi.

 

UMUMIY QOIDALAR

Agentlikning rasmiy nomlanishi:

a) davlat tilida:

to‘liq nomi – O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, qisqartirilgan nomi – Istiqbolli loyihalar agentligi;

b) ingliz tilida:

to‘liq nomi – National Agency of Perspective Projects of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi – Perspective Projects Agency;

v) rus tilida:

to‘liq nomi – Natsionalnoye agentstvo perspektivnix proyektov Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi – Agentstvo perspektivnix proyektov.

 

Agentlikning asosiy maqsadlari investorlarning huquq va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini nazarda tutuvchi milliy qonunchilikni takomillashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyati va bukmekerlik faoliyati sohalarini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohalarga innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat.

 

Agentlikning asosiy vazifalari:

- kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori va sug‘urta bozori sohalarini, elektron tijorat, lotereya hamda Internet butunjahon axborot tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatlari sohalarida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- kripto-aktivlar aylanmasi va kapital bozori sohalarida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;
- sug‘urta bozorining professional ishtirokchilarining sug‘urta munosabatlari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
- jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- davlat boshqaruvi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasini va boshqa eng yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni tashabbus qilish va ilgari surishga ko‘maklashish.

 

Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan uch nafar o‘rinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosarga ega bo‘ladi.

Agentlik xodimlari Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Sahifaning imo-ishora tiliga tarjimasi.