O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlarning muomalasi tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3971, 2026-yil 11-noyabr, bundan buyon – Nizom) tasdiqlandi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–254-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va xalqaro moliya bozorlariga kirish imkonini oshirishga qaratilgan.
Nizomda xorijiy qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalar muomalasiga oid quyidagi asosiy mexanizmlar va talablar nazarda tutilgan:
Birinchisi O‘zbekistondagi fond birjasining maxsus maydonchasi va investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali muomalani tashkil etishni nazarda tutadi.
Ikkinchisi mahalliy investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali mijozlarga xorijiy savdo maydonchalarida savdo qilish imkoniyatini taqdim etishni nazarda tutadi.
Xorijiy qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar bilim, tajriba va moliyaviy imkoniyatlarga oid belgilangan talablarga javob beradigan malakali investorlar uchun ochiq bo‘ladi.
Mazkur yondashuv xorijiy qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalarga mablag‘ kiritish bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni hisobga olgan holda investitsiya qilish haqidagi qarorlarining ongli ravishda qabul qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Moliyaviy vositalar muomalasi ichki maydonchalarda tashkil etilganda Markaziy depozitariy xorijiy hisobga oluvchi tashkilotlardagi o‘z hisobvaraqlarida tegishli xorijiy qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lgan taqdirda ularni hisobga olishni ta’minlaydi.
Investitsiya vositachilari mijozlar aktivlarining hisobga olinishi va saqlanishini, korporativ harakatlarning ularning foydasiga bajarilishini, pul mablag‘larini yechib olish imkoniyatini ta’minlashi, shuningdek muhim holatlar to‘g‘risida xabardor qilishi shart.
Bunda mijozning pul mablag‘larini yechib olish to‘g‘risidagi topshirig‘ini bajarish muddati uch bank kunidan oshmasligi kerak.
Ruxsat berish tashabbuskorning arizasi asosida taqdim etilgan hujjatlar Agentlik tomonidan ko‘rib chiqilgandan va ruxsat etilgan muomala hajmlari Markaziy bank bilan kelishilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Muomalaga ruxsat etilgan vositalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tegishli Reyestrga kiritiladi.
Nizomda qoidabuzarliklar va investorlar manfaatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar yuzaga kelganda vositalar muomalasini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish nazarda tutilgan.
Shunday qilib, tasdiqlangan Nizom investorlarning xorijiy qimmatli qog‘ozlar va moliyaviy vositalarga kirish imkoniyatini bosqichma-bosqich kengaytirish uchun huquqiy va infratuzilmaviy asos yaratadi hamda bir vaqtning o‘zida bozor ishtirokchilariga, operatsiyalarning shaffofligiga, aktivlarni hisobga olishga va investorlar manfaatlarini himoya qilishga oid talablarni belgilaydi.