Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Toshkent shahrida E-com Business Fest 2026 forumi bo‘lib o‘tdi

23.06.2026
91

Toshkent shahrida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o'rinlarda - Agentlik) tomonidan Sellerlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston elektron tijorat assotsiatsiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan xalqaro E-com Business Fest 2026 forumi bo‘lib o‘tdi. Forum davlat organlari, marketpleyslar, to‘lov tashkilotlari, logistika kompaniyalari, ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar hamda elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar vakillarini bir maydonga jamladi.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Agentlikning Elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Muhammadiyev Kamronbek elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

"Kechagina muhtaram Prezidentimiz elektron tijorat platformalari uchun xabardor qilish tartibini joriy etuvchi qonunni imzoladilar. Taxminan bir yarim yil davomida assotsiatsiyalar, jumladan Sellerlar assotsiatsiyasi va Elektron tijorat assotsiatsiyasi bilan birgalikda mazkur hujjat ustida ish olib bordik. Va nihoyat, kecha ushbu qonun imzolandi. Endi esa biz O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonuni, Soliq kodeksi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi asosiy qonun qabul qilinishini kutmoqdamiz", — deya ta’kidladi u.

E-com Business Fest 2026 O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun eng yirik platformalardan biri hisoblanadi. Forumning maqsadi elektron tijorat ekotizimini rivojlantirishga ko‘maklashish, ilg‘or tajriba almashish, onlayn savdo, logistika, raqamli to‘lovlar va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi zamonaviy yechimlarni muhokama qilishdan iborat. Tadbir doirasida panel muhokamalari, ekspertlik sessiyalari hamda biznes va davlat organlari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

 Forum davomida ishtirokchilar mamlakatda elektron tijoratni yanada rivojlantirish istiqbollari, tartibga solish muhitini takomillashtirish, marketpleyslar va logistika infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli to‘lov yechimlarini kengaytirish, shuningdek raqamli muhitda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muhokama qildilar.