O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Toshkent shahrida “Yevroosiyo InsurTech: sug‘urta sohasini o‘zgartirayotgan texnologiyalar” mavzusida INSUR Asia 2026 xalqaro sug‘urta forumi bo‘lib o‘tdi. Forum sug‘urta bozorini rivojlantirishning dolzarb tendensiyalari va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish masalalarini muhokama qilish maqsadida tartibga soluvchi organlar, sug‘urta tashkilotlari, moliya institutlari hamda texnologik kompaniyalar vakillarini birlashtirdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi vakillari ishtirok etdilar.
“InsurTech Eurasia 2030: yangi sug‘urta bozorining raqamli infratuzilmasi” nomli strategik sessiya doirasida Agentlikning Sug‘urta bozorini rivojlantirish va raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Abdurahmonov O‘zbekiston sug‘urta bozorini raqamlashtirish, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish hamda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan ma’ruza qildi.

O‘z chiqishida Agentlik vakili O‘zbekiston sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish va uning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, sug‘urta infratuzilmasini takomillashtirish, sug‘urta xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish hamda sug‘urta tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Sug‘urta sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, sug‘urta tavakkalchiliklarini baholashni takomillashtirish, sug‘urta hodisalarini tartibga solish jarayonlarini tezlashtirish hamda sug‘urtalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yagona axborot tizimlarini rivojlantirish va sug‘urta bozori ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Forum doirasida ishtirokchilar, shuningdek, integratsiyalashgan sug‘urta (embedded insurance), raqamli sotuv kanallari, sug‘urta vositachiligining yangi modellarini rivojlantirish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari sug‘urta bozorlarini texnologik integratsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tadbir xalqaro tajriba almashish va sug‘urta sohasini raqamli transformatsiya qilishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
