Yangiliklar
Rasmiy munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) “bakiroo” telegram-kanalida “Hammaga teng raqobat bo‘lishi shart” nomli, shuningdek, "Effekt Makarenko" telegram-kanalida e’lon qilingan material yuzasidan quyidagilarni xabar qiladi.
“Hammaga teng raqobat bo‘lishi shart” sarlavhasi ostidagi materialda yuqoridagi telegram-kanal muallifi Otabek Bakirov va mahalliy elektron tijorat bozori vakillari davlatning xorijiy elektron savdo maydonchalari (bozorlari)ga munosabatini, ya’ni davlat tomonidan ro‘yxatga olish, soliqqa tortish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan, muhokama qilmoqda.
Avvalo shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 30 noyabrdagi PQ-381-son qaroriga asosan elektron tijorat sohasini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha vazifalar, funksiyalar va vakolatlar Agentlikka o‘tkazilgan.
Agentlik tomonidan bozorni o‘rganish va tadqiq qilish, elektron tijoratni tartibga soluvchi amaldagi qonunchilik hujjatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish natijasida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi tayyorlandi. Mazkur loyiha belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etilgan.
Avvalroq Agentlik rahbariyatining “Retail Central Asia” xalqaro PLAS-forumi va Marketpleyslar bo‘yicha ikkinchi xalqaro konferensiyasidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentiga aylangan va milliy qonunchilikda belgilangan tartibda soliq to‘lab kelayotgan “Wildberries”, “OZON» va «Yandeks» kompaniyasi kabi xorijiy elektron savdo maydonchalari faoliyatini mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tilgan edi.
2024 yilning 9 oyi davomida “Yandeks” kompaniyasi soliq to‘lovlari miqdori 125 milliard so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan bozorning professional ishtirokchilari, ishbilarmon doiralar vakillari, aholi, xorijiy investorlar ishtirokida mavjud muammo va soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan to‘siqlar yuzasidan fikr-mulohazalar olish maqsadida muntazam ravishda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.
Agentlikning alohida ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
sog‘lom raqobat muhitini yaratish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash;
elektron savdo maydonchalari orqali eksportni rag‘batlantirish;
elektron tijorat sohasidagi yetakchi xorijiy o‘yinchilarni mamlakatga jalb qilish, shu jumladan, ular tomonidan sho‘ba korxonalar ochish va O‘zbekiston Respublikasida tegishli elektron tijorat ekotizimini yaratish.