O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish (keyingi o‘rinlarda – JFODL/TM) milliy tizimini yanada mustahkamlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
JFODL/TM sohasidagi xalqaro standartlar (FATF tavsiyalari) talablarini milliy qonunchilikka joriy etish hamda JFODL/TMga qarshi kurashish milliy tizimidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Agentlik va Departamentning qo‘shma qarori bilan Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalari yangi tahrirda tasdiqlandi (ro‘yxat raqami 3877, 2026 yil 30 iyun).
Xususan, Qoidalarning yangi tahririda tavakkalchilikni baholash tizimini takomillashtirish, ichki nazorat hamda mijozlarni lozim darajada tekshirish tartib-taomillarining samaradorligini oshirish, shuningdek qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilari va vakolatli davlat organlari o‘rtasidagi monitoring hamda axborot almashinuvining ayrim jarayonlarini raqamlashtirishga oid normalar o‘z aksini topgan.
Jumladan, Qoidalarda:
qo‘llaniladigan tushunchalar aniqlashtirildi va to‘ldirildi, xususan, uchinchi tomon, aniqlik darajasi, yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasi va boshqalar kabi ta’riflar qo‘shildi;
ichki nazorat qoidalarini ishlab chiqishda guruhiy yondashuv va tavakkalchilikka yo‘naltirilgan modelni qo‘llash talablari to‘ldirildi;
xizmatlar (operatsiyalar) ning tavakkalchilik profilini hisobga olgan holda va operatsiyalar ishtirokchilarining identifikatsiya ma’lumotlarining har bir elementi bo‘yicha alohida avtomatlashtirilgan tekshiruvning aniqlik darajasini belgilagan holda professional ishtirokchining axborot tizimlarini sozlashga qo‘yiladigan talablar batafsil bayon etildi;
professional ishtirokchi rahbariyatining ichki nazorat tizimi samaradorligini doimiy baholab borish majburiyati mustahkamlandi;
professional ishtirokchi tomonidan har yili o‘z nazoratchisi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Agentlikka taqdim etish majburiyati joriy etildi;
qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining nazoratchisi hamda mijozni identifikatsiya qilish uchun shakllar tasdiqlandi;
JFODL/TMga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining «Shaxsiy kabinet» axborot tizimiga ulanish tartibi belgilandi.