O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda bayon etilgan qonunchilikning ba'zi normalari noto‘g‘ri talqin qilingan xabarlar tarqaldi.
Xususan, elektron tijorat doirasida, shu jumladan yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun amaldagi hisob-kitoblar tartibi 2026-yil 12-dekabrdan joriy etiladigan yangi talab sifatida talqin qilingan.
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllanishining oldini olish maqsadida Agentlik quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-1173-son Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular 2026-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi.
Xususan, 23-modda quyidagi normalar bilan to‘ldiriladi:
«Elektron tijorat operatorlari, elektron tijoratda sotuvchi bo‘lgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek elektron tijoratda sotuvchi yoki buyurtma asosida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yoxud yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar (bundan buyon matnda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar deb yuritiladi) elektron tijorat doirasidagi hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlaridan (yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar — elektron hamyonlaridan ham) foydalangan holda amalga oshiradi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijorat doirasidagi faoliyati natijasida mablag‘lar tarzida olingan daromadlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartasiga biriktirilgan alohida bank hisobvarag‘ida va (yoki) elektron hamyonida hisobga olinadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
uchinchi shaxslar (sotuvchilar) uchun to‘lovni qabul qilish;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchining yoki elektron tijorat operatorining hisobvarag‘idagi mablag‘larni keyinchalik inkassatsiya qilish uchun hisobdan chiqarish maqsadida o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvarag‘iga va (yoki) elektron hamyoniga mablag‘larni oldindan joylashtirish;
yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun to‘lov sifatida naqd pul qabul qilishga, bunda alohida bank hisobvarag‘idan va (yoki) elektron hamyondan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchiga o‘tkazilgan mablag‘larga teng bo‘lgan miqdorda naqd pulni inkassatsiya qilmasdan o‘z ixtiyorida qoldirish».
Bu amaliyotda nimani anglatadi:
Alohida hisobvaraq elektron tijorat doirasidagi faoliyat bilan bog‘liq hisob-kitoblar uchun mo‘ljallangan. Bu ish orqali tushgan mablag‘larni shaxsiy pullardan ajratish va hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash imkonini beradi.
Elektron hamyondan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bunday hisob-kitoblar uchun alohida bank hisobvarag‘i bilan bir qatorda foydalanishi mumkin.
Uchinchi shaxslar uchun to‘lovni qabul qilish deganda, masalan, kuryerning sotuvchiga tegishli to‘lovni xaridordan qabul qilib olish huquqi tushuniladi.
Mablag‘larni oldindan joylashtirish deganda, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘zining alohida hisobvarag‘iga yoki elektron hamyoniga oldindan pul kiritib qo‘yishi tushuniladi. Keyinchalik naqd pulni bankka topshirish o‘rniga ushbu mablag‘lardan hisob-kitob qilinadi.
Naqd pulda to‘lash taqiqlanmaydi. Masalan, kuryer xaridordan 100 000 so‘m naqd pul olgan va uning alohida hisobvarag‘idan yetkazib beruvchiga shuncha mablag‘ o‘tkazilgan bo‘lsa, u ushbu naqd pulni o‘zida qoldirishga haqli.
Bunday tartib haydovchi va kuryerlarni oldindan o‘tkazilgan summa doirasidagi naqd pulni bankka topshirish zaruratidan ozod qiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, yuqoridagi asosiy normalar yangilik emas. Ular Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi «Elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 885-son qarorining 5 va 6-bandlarida nazarda tutilgan bo‘lib, 2025-yil 1-iyuldan boshlab qo‘llanilmoqda.
Xususan, bular alohida bank hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish, mablag‘larni oldindan joylashtirish va belgilangan miqdordagi naqd pulni o‘z ixtiyorida qoldirish huquqidir. Qonun ushbu normalarni yuqoriroq yuridik kuchga ega hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda ularni elektron hamyonlar va uchinchi shaxslar uchun to‘lov qabul qilishga oid qoidalar bilan to‘ldiradi.
Shunday qilib, elektron tijorat ishtirokchilarining huquqlarini himoya qilish va ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash maqsadida mazkur Qonun bilan ularning o‘zaro munosabatlari va hisob-kitoblari tartibi mustahkamlanmoqda.
Demak, 2026-yil 12-dekabrdan kuchga kiradigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haydovchilar hamda kuryerlar uchun amaldagi hisob-kitoblar tartibini tubdan o‘zgartirishni nazarda tutmaydi, balki amaldagi normalarni qonun darajasida mustahkamlaydi va to‘ldiradi.
Agentlik ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarni qonunchilikdagi o‘zgarishlarni yoritishda amaldagi huquqiy normalarni inobatga olishga, rasmiy axborot manbalariga tayanishga va qonunchilik normalarining noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.