O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “Qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati bilan o‘zaro hamkorligi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3666, 2025 yil 13 avgust) qabul qilindi.
Mazkur Nizom Agentlikning “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati (Markaziy depozitariy) bilan qo‘yidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro munosabatlarini belgilaydi:
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qimmatli qog‘ozlar emissiyalarini Markaziy depozitariyda hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish;
- qimmatli qog‘ozlarni chiqarish parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish;
- Markaziy depozitariy tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organiga hisobga qo‘yilgan qimmatli qog‘ozlarning chiqarilishi va qimmatli qog‘ozlarni chiqarish parametrlarining o‘zgarishi, hisobdan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi hamda qimmatli qog‘ozlar emissiyasining joylashtirilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish;
- hisobga qo‘yilgan qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarining yagona davlat reyestri ma’lumotlari bilan solishtirib borish.
Nizomning qabul qilinishi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi va “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va muomalaga chiqarish jarayonida o‘zaro hamkorlikning aniq va shaffof mexanizmini o‘rnatishga qaratilgan.
Idoraviy mansub tashkilotlar