logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risida qonun qabul qilindi

15.01.2025
266

Agentlik tomonidan sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Murojaatlar tahliliga ko‘ra, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha tovon to‘lash majburiyati sug‘urta tashkilotlari tomonidan lozim darajada bajarmayotganligi sababli fuqarolarning aksariyat qismi norozi ekanligini ko‘rsatdi.

Sug‘urta hodisasi oqibatida (YTX, baxtsiz hodisalar) jabrlangan, shuningdek, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolar va tashkilotlar nizoni sudda ko‘rib chiqilishida davlat bojini to‘lash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni amalga oshirardilar.

Ijtimoiy ahamiyatini inobatga olgan holda 2025 yil 13 yanvarda Prezident “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi Qonunni imzoladi, unga ko‘ra fuqarolik va iqtisodiy sudlarga majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bo‘yicha sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

Ushbu o‘zgartirishlar sug‘urta tashkilotlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan fuqarolarning odil sudlovga shikoyat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga hamda sug‘urta qildiruvchilarning huquq va manfaatlarini sud tartibida himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.