Yangiliklar
Kaydzenni davlat boshqaruvida qo‘llash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi
Bugungi kunda global muammolar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davrida barcha sohalarda ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish va takomillashtirish, resurslar va vaqtdan unumli foydalanish, korxona rahbari va xodimlarining doimiy ravishda malakasini oshirish kabi dolzarb masalalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z ma’ruzalarida belgilangan vazifalarni samarali bajarish uchun har bir inson o‘z ustida doimiy ishlash zarurligini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.
Xususan, davlatimiz rahbari 2020-yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida xalqaro bozorda muloqot va raqobatga tayyor bo‘lish uchun soha yetakchilari o‘z ustida qattiq ishlashlari kerakligini ta’kidladi.
Bugungi kunda Kaydzen biznes jarayonlarini optimallashtirish va xodimlarning shaxsiy rivojlanishining eng samarali mexanizmlaridan biri hisoblanadi.
Kaydzen bu - ishlab chiqarishni, rivojlanishni, biznes va boshqaruv jarayonlarini qo'llab-quvvatlashni va hayotning barcha jabhalarini doimiy takomillashtirishga qaratilgan falsafa yoki amaliyotdir. Kaydzen birinchi bo'lib Yaponiya kompaniyalari, jumladan Toyota tomonidan muvaffaqiyatli qo'llanilib, so‘ng butun dunyoga tarqaldi va yetakchi xalqaro kompaniyalar (Siemens, Ford Motor Company, Nestle va boshqalar) tomonidan qo'llanildi.
Shaxsiy rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, ishlarni rejalashtirish va optimallashtirish sohasida salohiyatni oshirish maqsadida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan xalqaro ma’ruzachi va Kaydzen bo'yicha bir qator o'quv kurslari muallifi Marg‘ulan Seysembayevning Kaydzenni davlat boshqaruvida qo‘llash bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsida Agentlik xodimlari, Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etadi.
O‘tkazilish joyi: Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti.
Sana va vaqt: 9 aprel soat 12.30.
Manzil: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Boshliq, 3-uy.