O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Qimmatli qog‘ozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 3941, 17.09.2026 y.) tasdiqlandi.
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 18 dekabrdagi PF–254-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, qimmatli qog‘ozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq:
– mazkur reyting emitentlar tomonidan ma’lumotlarning o‘z vaqtida, ishonchli va to‘liq oshkor etilishi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori, aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini baholash natijalari asosida shakllantiriladi;
– emitentlar reytingi 7 ta mezon bo‘yicha berilgan ballar yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi;
– emitentga «A», «V», «C» yoki «D» toifalaridan biri beriladi hamda toifaga ko‘ra ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin;
– reyting vakolatli davlat organi – O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladi va Korporativ axborotning yagona portalida ochiq tarzda har chorakda aks ettiriladi;
Emitentlar reytingi qimmatli qog‘ozlar emitentlarining shaffoflik va qonunchilikka rioya etish darajasini baholash, investorlar manfaatlarini himoya qilish hamda kapital bozorida axborot oshkoraligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.