O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Toshkent shahrida Cbondsning VIII Xalqaro “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davlat organlari, moliya institutlari, investorlar, emitentlar, xalqaro tashkilotlar hamda kapital bozori infratuzilmasi ishtirokchilarini bir maydonga jamladi.
Konferensiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbirda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak kirish so‘zi bilan ishtirok etib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kapital bozorida yuz bergan jadal o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.
“So‘nggi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori sezilarli darajada transformatsiyalandi va bugungi bozor avvalgi holatidan ancha farq qiladi. Joriy yil biz uchun tub burilish yili bo‘lmoqda, chunki ko‘plab mexanizmlar allaqachon ishlay boshladi, yangi instrumentlar paydo bo‘lmoqda.
Bugun bozorda u ancha vaqtdan beri kutib kelgan mexanizmlar mavjud: raqamli identifikatsiya, yashil obligatsiyalar, polochnaya registratsiya, individual investitsiya hisobvaraqlari.
Muhim yutuqlardan biri sifatida so‘nggi ikki yilda dividendlar va foizlarni Markaziy depozitariy hamda investitsiya vositachilari orqali to‘lash tizimini joriy etganimizni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Bugungi kunga kelib, talab qilinmagan dividendlar muammosi yo‘qolganini aniq ko‘rib turibmiz.
Joriy yilning muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) xalqaro IPOsi bo‘ldi. U nafaqat muvaffaqiyatli o‘tdi, balki so‘nggi besh yilda London birjasidagi eng yirik IPOlardan biriga aylandi. Bu yana bir bor xalqaro hamjamiyatning O‘zbekiston Respublikasi kapital bozoriga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi”.

“O‘zbekiston bozori: asosiy o‘zgarishlar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi yalpi majlis doirasida Agentlik Kapital bozorini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyev bozorni yanada rivojlantirish va uning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha regulyator pozitsiyasini taqdim etdi.
Muhokama davomida samarali tartibga solish va moliya sektorining barqaror o‘sishi uchun shart-sharoitlar yaratish o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, bozor infratuzilmasini rivojlantirish, moliyalashtirish instrumentlarini kengaytirish va investitsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiyaning “Yangi ufqlar: O‘zbekiston bozorida raqamli innovatsiyalar va islomiy moliya” mavzusidagi yakuniy tematik sessiyasida Agentlik Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Askarjon Zakirov ishtirok etdi.
Sessiya ishtirokchilari raqamli moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish, tokenizatsiya texnologiyalari, real aktivlarni tokenizatsiya qilish istiqbollari, kripto-industriyani rivojlantirish, shuningdek, sukukni ham o‘z ichiga olgan islomiy moliya instrumentlaridan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Konferensiya, shuningdek, xorijiy kapitalni jalb qilish, mahalliy qarz bozorini rivojlantirish, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish hamda O‘zbekiston kapital bozorini xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyalash masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘ldi.

