logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

11.05.2024
2822

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 martdagi PQ-108-son “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024 yil 26 apreldagi 3-sonli buyrug‘i bilan Sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 10 mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3512) tasdiqlandi.

Ta’kidlash lozimki, Sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun sug‘urtalovchilarga jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risida amaldagi nizomdan (ro‘yxat raqami 1842, 2008 yil 15 avgust) farqli ravishda, yuqorida qayd etilgan Prezident qarori asosida ishlab chiqilgan mazkur nizom sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llashning asoslari, tartibi va muddatlarini, jarima sanksiyalarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish tartibini belgilaydi.

Shu bilan birga, sug‘urta qildiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash maqsadida mazkur Nizomda sug‘urtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdoridan (SBUKM) kelib chiqib hisoblanadigan quyidagi jarima sanksiyalari nazarda tutilgan:

majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda arizalarni (sug‘urta da’volarini) ko‘rib chiqmaslik - har bir holat uchun SBUKMning 0,005 foiz, ya’ni 1.750.000 so‘m, jami aniqlangan holatlar uchun SBUKMning 0,1 foizdan, ya’ni 35.000.000 so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;

majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda sug‘urta tovonini to‘lamaganlik uchun - har bir holat uchun SBUKMning 0,01 foiz, ya’ni 3.500.000 so‘m, jami aniqlangan holatlar uchun SBUKMning 0,1 foizdan, ya’ni 35.000.000 so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;

sug‘urtalovchilar va ularning alohida bo‘linmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlarini vakolatli organ bilan kelishmagan holda tayinlaganlik uchun - har bir holat uchun SBUKMning 0,09 foiz, ya’ni 31.500.000 so‘m, jami aniqlangan holatlar uchun SBUKMning 0,1 foizdan, ya’ni 35.000.000 so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;

vakolatli davlat organining majburiy ko‘rsatmalarini bajarmaganlik, shu jumladan o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun - har bir holat uchun SBUKMning 0,09 foiz, ya’ni 31.500.000 so‘m, jami aniqlangan holatlar uchun SBUKMning 0,1 foizdan, ya’ni 35.000.000 so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima;

sug‘urtalovchining hisob (valyuta) va boshqa bank raqamlarida o‘tgan o‘n ikki oy mobaynida hisoblangan sug‘urta tovonlari summasining 3 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda pul mablag‘lari mavjud bo‘lishiga oid talabga rioya qilmaganlik - SBUKMning 0,1 foizi, sug‘urtalovchi ustav kapitaliga qarab, 20 mln. so‘mdan – 45 mln. so‘mgacha miqdordagi jarima.

Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.