Yangiliklar
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Binance kripto-birjasi O‘zbekiston Respublikasi hududida mijozlarga xizmat ko‘rsatish masalasi yuzasidan tegishli kelishuvga erishdilar
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinda – Agentlik) eng yirik kripto-birjalaridan biri – Binance tomonidan O‘zbekiston Respublikasi foydalanuvchilariga (rezidentlariga) xizmat ko‘rsatish masalasini hal qildi.
Mamlakatimiz hududida Binance kripto-birjasi o‘z faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy “CoinPay” MCHJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun: “COINPAY” MCHJ kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, u kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyalarga ega.
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari Binance platformasiga “COINPAY” MCHJning tegishli resurslari (coinpay.uz) orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tizimni ishga tushirish, hamkorlar platformalarining barcha modullari, jumladan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashganidan so‘ng amalga oshirish rejalashtirilgan. Tizimning ishga tushirilishi haqida hamkorlarning rasmiy resurslarida (CoinPay i Binance) qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
2024 yilning yanvar oyida Agentlik tomonidan Binance kripto-birjasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, xususan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qo‘llash haqidagi qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan.
2024 yilning 26 martidan 7 iyuniga qadar javobgar (Binance kripto-birjasi) vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, sud Agentlikning arizasini to‘liq qondirish hamda kripto-birjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan jarimani O‘zbekiston Respublikasi budjetiga belgilangan tartibda undirish haqida qaror qabul qilgan.
Binance kripto-birjasi sudning barcha talablarini bajarganligini hamda jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat budjetiga to‘liq to‘laganligini ta’kidlash joiz.
Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qarorining 3-bandi “d)” kichik bandiga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishlari lozimligini eslatib o‘tadi.
Shu munosabat bilan, fuqarolarni qonun talablariga rioya qilishga va kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishga qat’iy chaqiramiz.
Shuningdek, eslatib o‘tamiz, kripto-aktivlarni sotib olish obyekti sifatida ishlatish va buning oqibatlari xaridorning shahsiy tanlovidir.