Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Agentlik vakillari MDH mamlakatlarining V Islom banki va moliya forumida ishtirok etdi

10.07.2026
88

Toshkent shahrida “Advancing Islamic Finance for Sustainable Growth Across CIS” mavzusida MDH mamlakatlarining V Islom banki va moliya forumi (5th CIS Islamic Banking and Finance Forum) o‘z ishini boshladi. Forum MDH mamlakatlarida islom moliyasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tadbir hamkorlaridan biri sifatida ishtirok etdi.

Agentlik nomidan tadbirda Kapital bozori ekotizimini rivojlantirish va regulyator innovatsiyalar bo‘limi boshlig‘i V. A. Li tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. U o‘z nutqida forum tashkilotchilari va xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va butun mintaqada axloqiy moliyaga, xususan, sukuk instrumentlariga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u xalqaro ekspertlar va ishtirokchilarni tajriba almashish, innovatsiyalarni joriy etish hamda sohaviy standartlarni yanada takomillashtirishga chaqirdi. Agentlik forum doirasida ishlab chiqiladigan amaliy takliflar va ekspertlar tavsiyalarini qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarini tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqishga tayyor ekanini qayd etdi.

Forum dasturidan yalpi majlis hamda islom moliyasi sohasining normativ-huquqiy bazasini rivojlantirish, shariat boshqaruvi va AAOIFI hamda IFSB xalqaro standartlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etishda islom moliyasining o‘rni, sukuk bozori, islomiy sug‘urta (takaful), islomiy lizing (ijara), fintex yechimlari hamda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish masalalariga bag‘ishlangan tematik sessiyalar o‘rin olgan.

Forum davlat organlari, xalqaro moliya tashkilotlari, bank va sug‘urta sektorlari, investitsiya institutlari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirdi. Tadbir hamkorlari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi, O‘zbekiston sug‘urtalovchilar assotsiatsiyasi va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar ishtirok etmoqda.

Forum xalqaro tajriba almashish hamda O‘zbekiston va MDH mamlakatlarida islom moliyasini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.