Yangiliklar
Agentlik “Binance” kripto-birjasiga jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (keyingi o‘rinlarda – Qonun) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son Qaroriga muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.
“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga (ro‘yx. raq. 3380, 15.08.2022 y.) (keyingi o‘rinlarda – Nizom) asosan litsenziya talablari va O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining faoliyati shartlari belgilanadi.
Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik xalqaro kripto-birjalar va boshqa elektron platformalar, shu jumladan “Binance” kripto-birjasi faoliyatini kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi litsenziyalash talablari va shartlariga muvofiqligini tekshirdi.
Quyidagi qonun hujjatlari buzilganligi Agentlik tomonidan aniqlandi:
– O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilganligi haqida tasdiqlangan faktlar mavjudligi;
– “Binance” platformasida operatsiyalar anonim kripto-aktivlar, shuningdek, jinoiy yo‘l orqali olingan kripto-aktivlar va mablag‘lar (o‘g‘irlik, firibgarlik va boshqalar) bilan amalga oshirilishi;
– kompaniya yuridik shaxs – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti emasligi;
– O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarda elektron platforma mavjud emasligi;
– O‘zbekiston Respublikasining kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarining talablariga rioya etilmayotgani;
– xizmatlar provayderlarining ustav jamg‘armasida (kapitalida) Nizomning 9-bandi “z)” xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslarning hamda offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi ma’lumotlarning mavjud emasligi;
– bir qismi O‘zbekiston Respublikasi tijorat bankida alohida hisobvaraqda saqlanishi zarur bo‘lgan ustav jamg‘armasi (kapitali) mavjud emasligi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar asosida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha bayonnoma tuzilib, ko‘rib chiqish va qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish uchun “Binance” kripto-birjasiga yuborildi.
“Binance” kripto-birjasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni tashkil etish, jumladan, tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayder litsenziyasini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmagan.
Shu munosabat bilan, Agentlik Qonunga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobariga teng jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qilib, uni “Binance” kripto-birjasi va kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan yurisdiksiya regulyatoriga yubordi .
Ma’lumot uchun: “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 55-moddasiga muvofiq, jarima solish to‘g‘risidagi qaror yuborilgan kundan e’tiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda to‘lashi mumkin.
Huquqbuzar tomonidan jarima summasi ixtiyoriy ravishda to‘lanmagan taqdirda, vakolatli organ jarimani undirish to‘g‘risidagi arizani sudga belgilangan tartibda besh ish kuni ichida kiritadi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Agentlik O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga qo‘yidagilarni eslatadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-sonli Qarorining 3-bandi “d)” xatboshisiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni 2023 yil 1 yanvardan boshlab faqat milliy provayderlar orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiradi.