O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligida yoshlarning davlat boshqaruvi va ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquqiy bilimlari va siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va Yoshlar parlamenti vakillari ishtirokida qo‘shma sessiya o‘tkazilib, yoshlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatlari hamda qonunchilik jarayonlariga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, yoshlarni davlat boshqaruviga jalb etish, ularda yetakchilik va boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Bir kunlik rahbar” siyosiy-amaliy loyihasi doirasida mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar rahbarlik faoliyatining o‘ziga xos jihatlari, boshqaruv qarorlarini qabul qilish, mas’uliyatni taqsimlash hamda jamoaviy ishlash tamoyillari bilan tanishdilar.
Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatiga oid qonunchilik va uning rivojlanish istiqbollari yuzasidan amaliy keyslar tahlil qilinib, turli muammoli vaziyatlarda huquqiy asoslangan qarorlar qabul qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur tadbir yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda boshqaruv va yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirish hamda davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.