O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligida xodimlarning axborot xavfsizligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kiberxavflardan himoyalanish bo‘yicha xabardorligini kuchaytirish maqsadida amaliy uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish mutaxassisi tomonidan zamonaviy kiberxavflar, ularning oldini olish usullari hamda axborot xavfsizligi qoidalariga rioya qilishning ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Xususan, xodimlarga fishing hujumlari, shubhali havolalar va elektron xabarlarni aniqlash, ishonchli parollardan foydalanish, shaxsiy va xizmat ma’lumotlarini himoya qilish, shuningdek, ijtimoiy muhandislik usullariga qarshi turish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda to‘g‘ri harakat qilish tartibi, kiberinsidentlarni o‘z vaqtida aniqlash va ular haqida mas’ul xodimlarga xabar berish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javob oldilar.
Mazkur amaliy uchrashuv xodimlarning kibersavodxonligini oshirish, axborot resurslaridan xavfsiz foydalanish madaniyatini shakllantirish va kiberxavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
