O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari tomonidan (XMI) O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida nominallashtirilgan obligatsiyalarini chiqarish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 3660, 11.08.2025 yil) qabul qilindi.
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi "Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-26-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida xalqaro tajriba va XMI, xususan, Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB), Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va boshqalarning tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Yangi tartib XMIlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarini moliyalashtirish uchun obligatsiyalar chiqarish va mahalliy fond birjasiga joylashtirish orqali pul mablag‘larini jalb qilish, shuningdek, mahalliy investorlarga bunday yangi va yuqori reytingli instrument bilan o‘z investitsiya portfellarini diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun: 2016 yil iyun oyida YETTB Gruziya fond birjasida 107 mln lari (43,9 mln yevro ekvivalentida) miqdorida birinchi obligatsiyalarni joylashtirdi. 2018 yil avgust oyida esa XMK Qozog‘iston fond birjasida 8,6 mlrd tenge (25 mln AQSH dollari ekvivalentida) miqdorida ilk obligatsiyalarni chiqardi.
Nizom quyidagilarni nazarda tutuvchi XMIning milliy valyutadagi obligatsiyalari chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini belgilaydi, jumladan:
- emitent hujjatlarini vakolatli organda oldindan kelishish zarurati yo‘qligi;
- tegishli ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan emitent anketasi asosida chiqarilishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;
- chiqarilishlarni ko‘rib chiqish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatini qisqartirish;
- hujjatlarni qog‘ozda, elektron manbalarda, shuningdek elektron pochta orqali taqdim etish imkoniyati;
- XMI obligatsiyalarini birja obligatsiyalari formatida chiqarish.
Nizomning qabul qilinishi ichki qimmatli qog‘ozlar bozoridagi moliyaviy instrumentlar turini kengaytirishga, uning likvidliligini oshirishga, shuningdek, institutsional investorlarning mamlakat moliya tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga va O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi qarz vositalarini joylashtirish uchun ishonchli yurisdiksiya sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Idoraviy mansub tashkilotlar