O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) texnik ko‘mak missiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar pul-kredit va moliyaviy statistika (Monetary and Financial Statistics, MFS) hamda moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari (Financial Soundness Indicators, FSI) bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish va taqdim etish masalalarini muhokama qildilar.
XVJ vakillari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bank sektori regulyatori, Agentlik esa kapital bozori va sug‘urta bozori regulyatori sifatida o‘zaro yaqin hamkorlikni ta’minlash muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, moliya bozori ishtirokchilari tomonidan turli davlat organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni verifikatsiya qilish maqsadida idoralararo axborot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Bu esa moliyaviy hisobotlarning ishonchliligini oshirish, ma’lumotlar takrorlanishining oldini olish hamda statistik ma’lumotlarning yagona yondashuv asosida shakllantirilishini ta’minlash imkonini beradi.
O‘zbekiston tomoni Prezidentning 2024-yil 9-yanvardagi PQ-8-son "Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq Yagona hisobot tizimi joriy etilayotganini ta’kidladi. Mazkur tizim davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasi asosida hisobotlarni avtomatik shakllantirishni hamda ma’lumotlar almashinuvini raqamlashtirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, 2028 yil 1 yanvardan boshlab hisobotlarni Yagona hisobot tizimi orqali taqdim etish majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Tomonlar fikriga ko‘ra, mazkur chora-tadbirlar statistik ma’lumotlar sifatini yanada oshirish, ko‘rsatkichlarni xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirish jarayonlarini takomillashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar moliyaviy statistikani shakllantirish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda tajriba almashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

