Yangiliklar

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 martdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida” gi PQ–108-son qarori bilan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida raqamli iqtisodiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Bitim joriy yilning 6 noyabr kuni Bishkek shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti a’zo-davlatlari rahbarlari kengashi doirasida imzolangan.
Hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad a’zo-davlatlar o‘rtasida savdo aloqalarini elektron tijorat orqali yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va boshqa ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni, ularning iqtisodiy ustuvorliklari va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini hisobga olgan holda chuqurlashtirishdan iborat.
Bitim doirasida elektron tijorat sohasida hamkorlikni o‘rnatish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, elektron to‘lovlar va elektron hisob-fakturalarni taqdim etish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shuningdek turli ilg‘or texnologiyalar va mexanizmlar orqali o‘zaro savdo hajmlarini oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilangan.