Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Toshkentda E-BRIDGE davra suhbati va E-GATE konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

27.05.2025
76

Poytaxtimizda Jahon banki tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan hamkorlikda E-BRIDGE loyihasi doirasida “Markaziy Osiyoda elektron tijorat orqali mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish” mavzusidagi davra suhbati va “Markaziy Osiyoda elektron tijorat orqali global foydalanish imkoniyatlarini oshirish” E-GATE anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda davlat idoralari vakillari, Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardagi yetakchi xalqaro kompaniyalar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasidan DHL, Uzum, Jumia, Lenovo, Alibaba Group va boshqa kompaniyalar shrin oldi.

E-BRIDGE davra suhbatida mintaqaviy integratsiya bo‘yicha xalqaro tajriba, xususan, davlat va xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor faoliyatidan namuna sifatida foydalanildi. Mintaqaviy hamkorlik alohida ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar aytib o‘tildi. Bular raqamli savdo yo‘laklari, logistikadagi to‘siqlarni kamaytirish, transchegaraviy to‘lovlar va raqamli savdo protokollarini uyg‘unlashtirish hamda umumiy mintaqaviy bozorni shakllantirishdir.

“Bugungi davra suhbati Jahon banki tomonidan hamkorlarimiz bilan birgalikda elektron tijoratni shaffof tartibga solishni rivojlantirishga, shunga mos ravishda milliy bozorda tovarlarni ilgari surishga xizmat qilmoqda.

Biz ushbu platformadan elektron tijoratni tartibga solish, tovarlarning transchegaraviy harakatini, soliqqa tortish masalalarini va boshqa jihatlarni tartibga solishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligiga oid muhim masalalarni muhokama qilish uchun foydalandik.

Nima uchun bu muhim? Chunki bugun biz yirik bozorlarning transchegaraviy faoliyati natijasida tashqi savdoda muayyan buzilishlarni ko‘ryapmiz.

Bizning tartibga soluvchi tashkilot sifatidagi vazifamiz aniq, shaffof “o‘yin qoidalari”ni shakllantirish hamda ichki va xalqaro bozor ishtirokchilari uchun teng raqobat sharoitlarini ta’minlashdan iborat”, – dedi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak o‘z nutqida.

Shu kuni bo‘lib o‘tgan E-GATE anjumani Markaziy Osiyo mintaqasida elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, uning yangi iqtisodiy imkoniyatlari, ish o‘rinlari yaratish va tovarlar eksporti geografiyasini kengaytirish borasidagi salohiyatini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Anjumanning asosiy mavzulari orasida Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro savdoga integratsiyalashuvini rag‘batlantirishda elektron tijorat salohiyati, uning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida logistika va fintexni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, raqamli iqtisodiyotda yoshlar va ayollar ishtirokini rag‘batlantirish strategiyalari o‘rin olgan.

Tadbir dasturi Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlardan 20 dan ortiq ma’ruzachilar ishtirokida sessiyalar va panel muhokamalarini o‘z ichiga olgan.

Konferensiya davomida Markaziy Osiyoning jahon savdosiga integratsiyalashuvini kuchaytirish bo‘yicha elektron tijorat salohiyatiga oid tadqiqotlar taqdim etildi, onlayn eksportni kengaytirishning muammolari va imkoniyatlari, logistika infratuzilmasini yaratish masalalari muhokama qilindi, Markaziy Osiyodan dunyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilish tajribasi taqdim etildi.

Anjuman elektron tijorat va Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy o‘sishi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.