Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Tartibga solish qumdoni doirasida valyuta obligatsiyalarini chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi

30.04.2026
72

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Kapital bozori sohasida "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy valyutada obligatsiyalarni chiqarish, joylashtirish, muomalaga chiqarish va so‘ndirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi "Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-254-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra mahalliy emitentlarga kapital bozori sohasidagi “Tartibga solish qumdoni” (keyingi o‘rinlarda - Tartibga solish qumdoni) maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy valyutada ifodalangan korporativ obligatsiyalarni (keyingi o‘rinlarda - valyuta obligatsiyalari) chiqarish huquqi berilgan.

Nizom valyuta obligatsiyalari chiqariluvi, muomalasi va ularni so‘ndirish tartibini, shu jumladan quyidagilarni belgilaydi:

faqat kapital bozori sohasida Tartibga solish qumdoni ishtirokchilari maqomiga ega bo‘lgan emitentlar, investitsiya vositachilari (shu jumladan anderrayterlar) va bank-agentlar uchun valyuta obligatsiyalarini chiqarish va muomalaga kiritishga ruxsat berish;

depozitariy, fond birjasi va bank-agentning valyuta obligatsiyalarini joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish jarayonida ishtirok etish masalasi;

emitentlarning moliyaviy holatiga qo‘yiladigan talablar, shu jumladan moliyaviy kovenantlar tizimi;

valyuta obligatsiyalarini chiqarish uchun maxsus maqsadli kompaniyalardan (SPV) foydalanish imkoniyatini yaratish;

valyuta obligatsiyalari chiqarilishini ta’minlash usullarini tartibga solish.

Investorlarni himoya qilish va xatarlarni boshqarishni ta’minlash maqsadida Nizom investorlar uchun shaffoflik va bashorat qilishning asosiy kafolatlarini shakllantiradi, jumladan:

emissiya risolasining majburiy mavjudligi (bunda emitentning chiqarish to‘g‘risidagi qarorini Agentlik tomonidan tasdiqlash talab etilmaydi);

emitentning valyuta obligatsiyalarining barcha egalari oldidagi majburiyatlarini bajarishning yagona shartlari;

valyuta obligatsiyalarini chiqarish shartlari buzilganda Agentlik va valyuta obligatsiyalari egalarining tezkor harakat qilish mexanizmlari, shu jumladan nazarda tutilgan hollarda majburiyatlarni muddatidan oldin hal etish imkoniyati;

emitentning moliyaviy holati va jalb etilgan mablag‘lardan foydalanilishi to‘g‘risidagi axborotni muntazam ravishda ochib berishga doir talablar.

Nizom doirasidagi valyuta rejimi valyuta obligatsiyalari investorlarda mavjud bo‘lgan xorijiy valyutani, jumladan moliya tizimidan tashqarida bo‘lgan mablag‘larni jalb etishni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, konvertatsiyaga qo‘shimcha yuklama yuzaga keltirmasligini inobatga olgan holda shakllantirilgan.

Nizomning qabul qilinishi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning valyuta mablag‘larini jalb qilishda yangi kredit bo‘lmagan instrumentlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, bu ham milliy fond bozoriga likvidlikni jalb qilishning qo‘shimcha imkoniyatini yaratadi.