O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

2026-yil 22–23-oktabr kunlari Toshkent shahrida Ozarbayjon Respublikasi Markaziy banki vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga (ILMA, Agentlik) tashrifi bo‘lib o‘tdi. Tashrif kapital bozori sohasida regulyatorlar o‘rtasida tajriba almashishga qaratildi.
Tashrif Ozarbayjon Respublikasi Markaziy bankining murojaatiga asosan, O‘zbekiston Respublikasida kapital bozori faoliyatini, shuningdek, Agentlikning ushbu sohadagi tartibga solish va nazorat bo‘yicha amaliy tajribasini o‘rganish, ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida kasbiy bilim va yondashuvlar almashinuvini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Ozarbayjon tomoni, ayniqsa, kapital bozorini rivojlantirish, xalqaro standartlar, jumladan, IOSCO va PFMI talablarini hisobga olgan holda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish, bozor infratuzilmasini rivojlantirish va uning xalqaro integratsiyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida qiziqish bildirdi. Shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorini monitoring qilish, bozordagi manipulyatsiyalarning oldini olish va ularni aniqlash mexanizmlari, emitentlar tomonidan axborotni oshkor etish talablari hamda nazorat faoliyatida tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Agentlik vakillari, shuningdek, nazorat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining (UzNIF) global depozitar tilxatlarini (GDR) joylashtirishni huquqiy tartibga solish bo‘yicha tajribalari, shuningdek, Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha komissiyalarning xalqaro tashkiloti (IOSCO) bilan MMoU (o‘zaro anglashuv to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama memorandum)ni imzolash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Tashrif yakunida hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy tajriba almashish, shuningdek, raqamli va tahliliy yechimlardan foydalangan holda tartibga solish yondashuvlarini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
