Yangiliklar
Sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-108-son qaroriga asosan ishlab chiqilgan Sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024 yil 25 dekabrdagi 16-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan bo‘lib, 2025 yil 20 yanvarda Adliya vazirligi tomonidan 3601-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Sug‘urtalovchilarning reytingini joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - sug‘urta tashkilotlarining sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish sifati, moliyaviy holati barqarorligi, qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda faoliyat yuritishi, sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lab berishi va qanoatlantirish holati to‘g‘risida xolis va shaffof ma’lumotlarni sug‘urta xizmatlarining iste’molchilariga taqdim etish va bu orqali sug‘urta tashkilotlarining raqobatbardoshligini oshirishdir.
Mazkur Nizomga asosan sug‘urtalovchilarning reytingi 8 ta umumiy ko‘rsatkichlar, 5 ta qo‘shimcha ball beruvchi hamda 6 ta ballarni kamaytiruvchi ko‘rsatkichlar asosida baholanadi.
Sug‘urtalovchilarning reytingini baholovchi ko‘rsatkichlar sifatida, jumladan:
umumiy sug‘urta da’volari soniga nisbatan o‘z vaqtida ko‘rib chiqilgan va o‘z vaqtida to‘langan sug‘urta da’volari soni, shuningdek, qanoatlantirilgan sug‘urta da’volarining nisbati;
sug‘urtalovchining to‘lovga qobiliyatlilik marjasining yetarlilik normativi, investitsiya faoliyati natijadorligi, cug‘urta zaxiralarining qonunchilikka asosan shakllantirilganligi;
sug‘urtalovchining qonunchilik hujjatlarini buzishi oqibatida unga nisbatan ayrim choralarning qo‘llanilganligi;
sug‘urta tashkilotining xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga egaligi, qo‘shimcha sug‘urta xizmatlarining va ayrim sug‘urta mahsulotlarining joriy etilganligi kabi va boshqa mezonlar belgilangan.
Reyting O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida yuritiladi va uning rasmiy veb-saytida har oyning10 sanasida e’lon qilib boriladi.
Natijada, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari doimiy ravishda sug‘urta tashkilotlarining reyting ko‘rsatkichlariga asoslanib, sug‘urta tashkilotlari xizmatlarini tanlashlari mumkin.
Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.