logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Sug‘urta xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

12.11.2024
1250

Sug‘urta xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024 yil 12 sentabrdagi 9-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlandi va Adliya vazirligi tomonidan 2024 yil 11 noyabrda 3571-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Mazkur Nizomning qabul qilinishi natijasida sug‘urta xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatishda amal qilinishi lozim bo‘lgan talablar va shartlar belgilab berildi. Jumladan:

sug‘urta shartnomalari Yagona tizim, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, sug‘urtalovchi yoki sug‘urta agentining dasturiy ta’minoti (axborot tizimlari) orqali elektron shaklda tuzilishi mumkin;

sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta shartnomalari Yagona tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi va sug‘urta polislari ushbu tizim orqali mazkur Nizomga muvofiq rasmiylashtiriladi;

cug‘urta xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatuvchi sug‘urta agenti o‘zining dasturiy ta’minotida (axborot tizimlarida) sug‘urta qildiruvchilar uchun sug‘urtalovchini erkin tanlash imkoniyatini yaratishi hamda sug‘urtalovchilarning vakolatli davlat organi tomonidan e’lon qilingan reyting ko‘rsatkichlarini aks ettirishi shart;

ayrim majburiy sug‘urta shartnomalarini (ish beruvchi, tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish va boshqalar) elektron shaklda rasmiylashtirish Yagona tizimda sug‘urta qildiruvchining shaxsiy kabineti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi;

sug‘urtalovchilar tuzgan barcha qayta sug‘urta shartnomalari Yagona tizim orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi;

barcha sug‘urta polislari bir xil namunaviy shaklda (qonunchilikda sug‘urta polisining boshqa shakli tasdiqlangan hollar mustasno) Yagona tizimda rasmiylashtiriladi;

sug‘urta polisi Yagona tizim orqali faqatgina sug‘urta shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilganidan va sug‘urta mukofoti to‘langanligi sug‘urtalovchi tomonidan elektron tarzda tasdiqlanganidan so‘ng avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi;

sug‘urta polisining haqiqiyligi sug‘urta polisining maxsus kodi (QR-kod) orqali tekshirilishi mumkin;

barcha sug‘urta da’volari Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi;

Yagona tizimdan foydalanish talablari va shartlari buzilganda, sug‘urtalovchilarning Yagona tizimdan foydalanishi to‘liq yoki qisman to‘xtatiladi.

Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.