O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
26-noyabr kuni Toshkent shahrida davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, bank sektori va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan O‘zbekistonda uy-joyni moliyalashtirish bo‘yicha II xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak ishtirok etdi.
Forum doirasida ipotekani moliyalashtirishning ikkilamchi bozorini rivojlantirish, uy-joy sektoriga xususiy kapitalni jalb qilish, zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish, shuningdek, uy-joyni barqaror moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
“Ipotekani moliyalashtirishning ikkilamchi bozorini rivojlantirish: ichki va xalqaro kapitalni jalb qilish uchun investitsiya darajasidagi ipoteka qarz instrumentlarini tarkiblashtirish” mavzusidagi panel sessiyasi doirasida O‘zbekistonda ipoteka qimmatli qog‘ozlarini joriy etish uchun qonunchilikni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida ipoteka obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish tajribasi haqida ma’lumot berildi.
V. Pak o‘z nutqida ipoteka qoplamasini tarkiblashtirish va boshqarishning ishonchli mexanizmlarini shakllantirish, obligatsiya egalarining huquqlarini, shu jumladan, bankrotlik holatlarida himoya qilish, shuningdek, investorlar oldidagi majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Tegishli asosiy mexanizmlar hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ko‘rib chiqishida bo‘lgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutilgani qayd etildi.
“Qonun qabul qilinganidan keyin ham to‘lovga qobiliyatsizlik, bazaviy aktivlarni boshqarish va boshqa masalalarni tartibga soluvchi qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha oldimizda keng ko‘lamli ishlar turganini anglaymiz. Bu yo‘nalishda Markaziy bank va boshqa hamkorlarimiz bilan yaqin hamkorlikda ish olib boramiz”, — deya ta’kidladi Vyacheslav Pak.
Forum davomida, shuningdek, uy-joy sektoriga uzoq muddatli moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilish maqsadida qoplamali obligatsiyalar, sekyuritizatsiya instrumentlari va kapital bozorining boshqa instrumentlaridan foydalanish imkoniyatlari, institutsional investorlar talablariga javob beradigan ipoteka qimmatli qog‘ozlari bozorini shakllantirish bo‘yicha xalqaro tajriba ko‘rib chiqildi.