O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

O‘zbekiston delegatsiyasi islom kapital bozorini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida tanishuv tashrifida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda - Agentlik), “Toshkent” respublika fond birjasi, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Al-Muamalat Consulting” kompaniyasi vakillari o‘rin olgan.
Tashrif doirasida INCEIF universiteti, Malayziya Qimmatli qog‘ozlar komissiyasi (SC), Malayziya Soliq boshqarmasi (LHDN), Malayziya fond birjasi (Bursa Malaysia), shuningdek, Islom moliyaviy xizmatlari kengashi (IFSB) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida islom moliyasi ekotizimini shakllantirish va rivojlantirish, islom kapital bozorini tartibga solishning huquqiy asoslari, moliyaviy instrumentlarning shariat talablariga muvofiqligini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek, sukuk, jumladan, “yashil” sukukni chiqarish amaliyoti o‘rganildi.
Islom moliyaviy instrumentlarini soliqqa tortish xususiyatlari va ularga nisbatan qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari, sukukni fond birjasi listingiga kiritish va ular bilan birja savdolarini tashkil etish tartibi, shariat tamoyillariga muvofiq faoliyat yurituvchi investitsiya platformalari, shuningdek, islom moliyasi sohasidagi xalqaro standartlarni qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Malayziya tajribasini o‘rganish “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasining sukukka oid normalarini amaliyotga tatbiq etishga tayyorgarlik ko‘rish, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda O‘zbekistonda islom moliyasi bozorini yanada rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Mazkur tanishuv tashrifi Agentlik tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan.
