logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Sug‘urta bozorini o‘rganishga bag‘ishlangan media-trening

29.01.2025
58

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Sug‘urta bozori, sug‘urtaning shakllari va turlari” mavzusida media-trening o‘tkazildi.

Treningda Sug‘urta bozori ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Xasanov ma’ruza qildi.

Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad sug‘urtaning asosiy tushunchalari, shakllari va turlarini hamda Agentlik tomonidan ushbu sohada olib borilayotgan islohotlarni tushuntirishdan iborat bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari media-trening davomida jamiyatda sug‘urta munosabatlari shakllanishining obyektiv asoslari, sug‘urtaning mavjud bo‘lishidagi shart-sharoitlar, sug‘urta bozorining tuzilishi, umuman, sug‘urta munosabatlari ishtirokchilarining vazifalari bilan yaqindan tanishdilar.

Shu bilan birga, matbuot vakillariga O‘zbekiston sug‘urta bozorining asosiy ko‘rsatkichlari va professional ishtirokchilari haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, sug‘urta sohasidagi yangi qabul qilingan qonunchilik normalari yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. Xususan:

– Sug‘urtalovchilar reytingini aniqlash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom – asosiy maqsadi iste’molchilarga sug‘urta tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari sifati to‘g‘risida xolis va shaffof axborotni taqdim etilishi hisoblanadi;

– Sug‘urtalovchilarga nisbatan jarima sanksiyalarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom – unga ko‘ra, sug‘urta qildiruvchilarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlamaganlik uchun qo‘shimcha turdagi sanksiyalar joriy etilgan;

– Sug‘urta xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom – unga muvofiq, barcha sug‘urta polislari elektron shaklda rasmiylashtiradi va sug‘urta to‘lovlariga oid arizalarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi monitoringini yuritish maqsadida barcha sug‘urta da’volari Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Media-treningda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.