O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Joriy yilning 14-15 iyul kunlari “Kun.uz” axborot resursi rasmiy saytida “Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovalyuta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi.
Ushbu maqolada vatandoshlarimizga kripto-aktivlar mayningini amalga oshirish uchun “mayning qurilmasiga” sarmoya kiritishni taklif qilib, ma’lum vaqt ichida yuqori daromadlar bilan oson va arzon pul ishlash yo‘lini va’da qiluvchi bir loyiha haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son Farmonida “mayning” faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Mayning bilan shug‘ullanuvchi shaxslar (maynerlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishlari shart.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan maqolada keltirib o‘tilgan loyiha tashkilotchilariga mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hech qanday hujjat (ruxsatnoma) berilmagan.
Tahlil davomida Agentlik tomonidan firibgarlik belgilari va kripto-aktivlar aylanmasi sohasida qonun buzilish holatlari aniqlangan va shu bois tahlil natijalari bo‘yicha ma’lumotlar qonuniy chora ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Agentlik fuqarolarni ogoh bo‘lishga va kripto-aktivlarga oid firibgarlik sxemalari, “moliyaviy piramidalar” va turli “firibgarlik loyihalari”dan ehtiyot bo‘lishga, kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat milliy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali amalga oshirishga chaqiradi.
Milliy xizmatlar provayderlarining elektron reyestriga havola: https://napp.uz/oz/pages/erlsp
Idoraviy mansub tashkilotlar