O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan "Raiffeisen Bank International AG" (Avstriya) kapital bozori sohasida "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Raiffeisen Bank kapital bozori sohasida "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimining oltinchi a’zosiga aylandi.
Raiffeisen Bank o‘z mijozlariga O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi va "Toshkent" Respublika fond birjasi orqali sotib olingan O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlarini saqlash va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish maqsadida xorijiy nominal saqlovchi sifatida ishtirok etish niyatida.
Ma’lumot uchun:
Raiffeisen Bank Raiffeisen "Banking Group» tarkibiga kiruvchi markaziy muassasa sifatida faoliyat yuritadi, unga Raiffeisenning turli mintaqaviy banklari kiradi. Kompaniya bank litsenziyasiga ega bo‘lib, Avstriya moliya bozorlarini nazorat qilish boshqarmasi (FMA), shuningdek, yevrozonadagi ahamiyatli banklar uchun Yagona nazorat mexanizmi (SSM) doirasida Yevropa Markaziy banki nazorati ostida faoliyat yuritadi.
Raiffeisen Bank o‘zining bank faoliyati uchun bir qator xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi. 2024 yilda Euromoney jurnali bankni ushbu mijozlar segmentini ajoyib qo‘llab-quvvatlagani uchun Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi kichik va o‘rta biznes uchun eng yaxshi bank deb topdi. Raqamli banking sohasida Raiffeisen Bank mijozlar tajribasini yaxshilash va operatsion samaradorlikni oshirishda sezilarli yutuqlarga erishgani e’tirof etildi. Bundan tashqari, 2025 yilda bank Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasidagi eng yaxshi subkastodian sifatida Global Custodian Award mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Idoraviy mansub tashkilotlar