Yopish
dark/lightmode
special-mode
NAPP

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Nima bilan shug‘ullanamiz arrow-right

Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi

20.04.2026
76

Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 17 apreldagi PQ-143-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror (keyingi o‘rinlarda – qaror) qabul qilindi.

Qaror Qoraqalpog‘iston Respublikasiga investitsiyalarni jalb etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan, shu jumladan mayning faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida “Bes Qala Mining Valley” maxsus mayning zonasini (keyingi o‘rinlarda – maxsus zona) tashkil etish orqali.

Xususan, qarorga muvofiq:

1) maxsus zonaning faoliyatini tashkil etish maqsadida:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Bes Qala Mining Valley” maxsus mayning zonasi direksiyasi (keyingi o‘rinlarda – Direksiya) tashkil etiladi, u rezidentlarni ro‘yxatdan o‘tkazadi, ularning hisobini yuritadi hamda arizalarning sifatli ko‘rib chiqilishiga javobgar bo‘ladi;

b) Direksiya Istiqbolli loyihalar milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalarni berish bo‘yicha ishchi organi etib belgilandi;

Talabgorlar (yuridik shaxslar) maxsus zona rezidentligini va mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomani olish to‘g‘risida ariza bilan Direksiyaga murojaat qiladilar. Ijobiy xulosa berilganda Direksiya tomonidan talabgorga maxsus zona rezidenti (keyingi o‘rinlarda – rezident) maqomi beriladi, Agentlik tomonidan mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma beriladi.

2) maxsus zona doirasida rezidentlarga quyidagi huquqlar beriladi:

a) mayningni amalga oshirish uchun yagona elektr energetika tizimidan va barcha turdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, shuningdek vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish;

b) mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni belgilangan tartibda milliy kripto-birjalar yoki xorijiy platformalar orqali, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish va (yoki) ularni boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlash;

v) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida belgilangan tartibda mayning amalga oshirish natijasida hosil bo‘ladigan issiqlik energiyasi hisobidan issiqxonalar tashkil etish.

3) maxsus zona rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talablar va shartlar tasdiqlangan.

Shuningdek, investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida 2035 yil 1 yanvarga qadar rezidentlarning mayning faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalaridan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.

Qarorning qabul qilinishi investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va “yashil energetika”ni rivojlantirishga qaratilgan.