Yangiliklar
Openinfo.uz portalini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar
Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) hamda KPMG xalqaro audit kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Korporativ axborot yagona portalini modernizatsiya qilish va kapital bozorini nazorat qilishning samarali vositasini ishlab chiqish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda YETTB maslahatchisi Den Meshulam, YETTB tahlilchisi Jon Gordon, KPMG ofisi direktori Anuar Nurahmetov, xalqaro ekspertlar Mixail Pexotskiy va Katajina Sokovich ishtirok etdilar.
O‘zbekiston tomonidan Agentlik, “Toshkent” fond birjasi va “Uzinfokom” yagona integratori vakillari qatnashdilar.
YETTB vakillari va xalqaro ekspertlar Yagona korporativ axborot portali (openinfo.uz) ni modernizatsiya qilish bo‘yicha harakatlar ssenariylarini taqdim etdilar. O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish tendensiyalari va istiqbollari, xususan, xalqaro tajribani hisobga olgan holda yagona portalni yanada takomillashtirish strategiyasi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muhokama davomida portalni ishlab chiqishning bir qator ssenariylari, jumladan XBRL va JSON ma’lumotlar almashinuvi standartlarini joriy etish bilan bog‘liq ssenariylar ko‘rib chiqildi.
Seminar yakunlari bo‘yicha tomonlar moliya bozorining yanada ochiqligini ta’minlash va xorijiy investorlar uchun ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida portalni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab oldilar.