O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Islom taraqqiyot banki hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakilligi bilan O‘zbekistondagi islomiy moliyalashtirishni rivojlantirish masalalari bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Islom taraqqiyot banki delegatsiyasini islomiy moliyalashtirish bo‘yicha maslahatlar bo‘limining global rahbari Yahyo Rahmon boshchilik qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan uchrashuvda loyiha rahbari Fayzulla Salohiddinov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida tomonlar “Kapital bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi doirasida O‘zbekistonda islomiy moliyalashtirishni rivojlantirish sohasidagi kelgusi hamkorlik istiqbollarini, jumladan, sukuk va takafulni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun Islom taraqqiyot bankining texnik ko‘magini jalb etish masalalarini muhokama qildilar.
Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va O‘zbekistondagi islomiy moliyalashtirish bozorini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.