logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi

29.11.2022
1467

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarida – Agentlik) kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish, hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qaroriga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (tartib raqami 3397, 2022 yil 28 noyabr ro‘yxatdan o‘tgan) tasdiqlandi:

   – asosiy tushunchalar, atamalar va ta’riflar, shu jumladan kripto-aktivlar turlari bo‘yicha taqsimlash;

   – kripto-depozitariy faoliyatini amalga oshirish talablari;

   – kripto-depozitariy majburiyatlari va mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi;

   – kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatga olish va muomalaga kiritishga bo‘lgan talablar;

   – kripto-aktivlarning elektron reyestrini yuritishga, shu jumladan kripto-aktivlarga bo‘lgan huquqlarni hisobga olish talablari.

 

   Nizom, shuningdek, kripto-aktivlarni chiqarish, chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish va muomalaga kiritish uchun asosiy talablarni belgilaydi, xususan:

   kripto-depozitariy O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga kripto-aktivlarni chiqarish, ro‘yxatdan o‘tkazish, muomalaga kiritish va saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi;

   emitentlar kripto-aktivlarni kripto-depozitariy yoki boshqa elektron platformalar orqali chiqarishlari mumkinligi;

   emitent tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlarini muomalaga kiritish va ular bilan savdolar yopiq yoki ochiq savdo orqali amalga oshirilishi mumkinligi;

   emitent tomonidan chiqariladigan kripto-aktivlarning nominal qiymati milliy valyutada ifodalanishi lozimligi;

   kripto-aktivlar chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat kripto-depozitariy tomonidan amalga oshirilishi;

   kripto-depozitariy kripto-aktivlarni chiqarish va chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishi va boshq. belgilangan.

   

   Shu bilan birga, mazkur hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagilar taqiqlangan:

   rezidentlar tomonidan chiqarish va kripto-depozitariy tomonidan ta’minlanmagan (ruxsat berish tokeni, chipta tokeni, vaucher-tokeni va boshqaruv-tokeni bundan mustasno) va barqaror tokenlarni chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazishni;

   o‘z elektron platformasida chiqarilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan kripto-aktivlarning nomlanishi yoki ramzlarida “davlat”, “davlat tomonidan ta’minlangan”, “davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan”, “O‘zbekiston”, “o‘zbek”, “milliy”, “so‘m (UZS)” hamda O‘zbekiston Respublikasi shaharlarining nomlarini to‘liq yoki qisqartirilgan shaklda, ularning birliklaridan foydalangan holda, istalgan tilda va har qanday shaklda ishlatish va boshq.

 

   Mazkur hujjatning qabul qilinishidan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan ta’minlangan tokenlarni chiqarish va ro‘yxatdan o‘tkazish orqali o‘z faoliyatiga investitsiyalarni jalb qilish va rivojlantirishning yangi mexanizmini yaratishdan iboratdir.

 

   O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlarining e’tiborini mayning va xizmatlar provayderlari faoliyatini tashkil etish belgilan tartibda ruxsat beruvchi hujjat va litsenziya olingandan keyingina amalga oshirilishi mumkinligiga qaratamiz.

   Shuningdek, Agentlik barcha fuqarolardan qonun doirasida harakat qilishni hamda tegishli litsenziya va (yoki) ruxsat beruvchi hujjatsiz kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni tashkil etishga urinmaslikni hamda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan xizmatlar provayderlari xizmatlardan foydalanmaslikni so‘raydi.