O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti "Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonni qabul qildi.
Farmon bilan fond bozoriga kamida 1 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb qilish, shu jumladan, kamida 5 trillion so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali 2030 yilga qadar kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor mezonlari belgilandi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun kapital bozorini rivojlantirishning meyoriy-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish va sinovdan o‘tkazish, qimmatli qog‘ozlar bozorida shaffoflikni ta’minlash hamda investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan bir qator tashkiliy va huquqiy choralar tasdiqlandi.
Farmonga muvofiq:
1) kapital bozorida "Tartibga solish qumdoni" maxsus huquqiy rejimi (keyingi o‘rinlarda - "Tartibga solish qumdoni") takomillashtirilmoqda, xususan:
a) "Tartibga solish qumdoni" cheklanmagan muddatga joriy etilmloqda;
b) O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga "Tartibga solish qumdoni" ishtirokchisi maqomini olish huquqini berish, va bu orqali:
mahalliy fond bozorida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarish, ular bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish orqali tashqi bozorlarga chiqmasdan xorijiy valyutada mablag‘ jalb qilish;
qimmatli qog‘ozlarni mahalliy va xorijiy fond birjalarida bir vaqtning o‘zida joylashtirishni nazarda tutuvchi ikkilamchi listing operatsiyalarini amalga oshirish;
v) fuqarolarni fond bozoriga jalb etish hamda ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida mahalliy fond bozori savdo maydonchalarida xorijiy emitentlar, shu jumladan AQSH (Dow Jones, S&P 500, NYSE, Nasdaq), Buyuk Britaniya (FTSE 100), Xitoy (Hang Seng, Shanghai SSE), Yaponiya (Nikkei) emitentlarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlari bilan savdolarni tashkil etish;
g) o‘z kapitali miqdoridan ortiq bo‘lgan korporativ obligatsiyalarni ta’minotsiz chiqarish imkoniyatini yaratish;
2) investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, fond bozori ishtirokchilari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida IOSCO tamoyillari va ilg‘or xorijiy tajriba asosida fond bozorida nazorat choralari kuchaytiriladi. Xususan:
a) emitentlar uchun “reyting” tizimi joriy etilib, ularning shaffofligi, axborotni oshkor etish darajasi va qonunchilikka rioya qilishi baholanadi;
b) qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun litsenziyalash talablari va shartlari yangilandi, jumladan:
professional ishtirokchilar uchun ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish;
axborot-texnologik ta’minlanganlik talablari;
qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari rahbariyati va egalari uchun malaka talablarining kuchaytirilishi, shu jumladan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlar talablari asosida;
3) kapital bozori ishtirokchilari uchun kapital bozorida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan alohida qoidalar va kapital bozorini yanada rivojlantirish hamda investitsiya xavfsizligini kafolatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Mazkur Farmonning qabul qilinishi fond bozori ishtirokchilari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, investorlar ishonchini mustahkamlash orqali zamonaviy, shaffof va dinamik kapital bozorini shakllantirishga yangi turtki beradi. Bu esa o‘z navbatida, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, O‘zbekistonning xalqaro moliya bozorlariga integratsiyasini chuqurlashtirish hamda fuqarolar farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Idoraviy mansub tashkilotlar