O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.
Toshkentda Cbonds-Congress tomonidan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (Agentlik) va Investitsiya institutlari milliy assotsiatsiyasi (IIMA) ko‘magida tashkil etilgan “O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori” mavzusidagi VII xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya tartibga soluvchi organlar, investorlar va emitentlar o‘rtasidagi muloqot, joriy tendensiyalar va tartibga solish sohasidagi o‘zgarishlarni muhokama qilish, shuningdek, xalqaro tajriba almashish va moliya sektorini rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.
Anjumanning panel sessiyalarida 2025 yildagi asosiy o‘zgarishlar, fond bozoridagi savdo dinamikasi va xorijiy investorlar uchun liberallashtirish choralari muhokama qilindi. Ishtirokchilar milliy kompaniyalarning IPO va SPO lari, xalqaro joylashtirish istiqbollari, ichki qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va xorijiy platformalar bilan hamkorlik masalalariga e’tibor qaratdilar. Islomiy moliya vositalarini joriy etish, bozorni raqamlashtirish va fintex yo‘nalishi istiqbollariga alohida muhokamalar bag‘ishlandi.
Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak konferensiya ochilishida so‘zlagan nutqida kapital bozorini rivojlantirishda yanada qat’iy qadamlarga o‘tish zarurligini ta’kidladi:
"Kapital bozori rivojlanishining yangi darajasiga ko‘tarilishi uchun O‘zbekiston tubdan o‘zgarishlarga o‘tishi kerak. Biz raqamlashtirish, dasturiy ta’minot, infratuzilma va boshqa jihatlar bilan bog‘liq mavjud muammolarga o‘z vaqtida javob berishga harakat qilmoqdamiz. Xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarur, bunda emitentlarning o‘zlari investorlarni kreditlar olish yo‘li bilan emas, balki aksiyalar chiqariluvi, IPO orqali jalb qilishdan manfaatdor bo‘lishlari kerak. (...)
(...) Korporativ obligatsiyalar bozorida ma’lum bir siljish va o‘sish yuz bergani ma’lum banklar va o‘yinchilar ushbu vosita jozibadorligini qisman anglab yetganidan dalolat beradi. Korporativ obligatsiyalar ulushining o‘sishi va ortishi biz to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizdan dalolat beradi”.
Tadbirda moliya va ishbilarmon doiralarning 250 dan ortiq vakillari – davlat organlari, yetakchi moliya institutlari, banklar, investitsiya kompaniyalari vakillari va brokerlar, shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Idoraviy mansub tashkilotlar