Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi INATBA Hukumat maslahat organining rasmiy a’zosi etib qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinda – Agentlik), Ishonchli blokcheyn-ilovalari xalqaro assotsiatsiyasi (International Association of Trusted Blockchain Applications, keyingi o‘rinda – INATBA) Direktorlari Kengashining taklifiga binoan, mazkur tashkilot Hukumat maslahat organining (keyingi o‘rinda – HMO) rasmiy a’zosi etib qabul qilindi.
INATBA – bu istiqbolli raqamli texnologiyalarni faol rivojlantirish va joriy etishga ko‘maklashish maqsadida 2019 yilda tashkil etilgan va xalqaro tan olingan tuzilma hisoblanadi.
INATBA HMO – bu dalat organlari, tartibga soluvchi organlar va boshqa xalqaro tashkilotlari o‘rtasidagi, jumladan, AQSH Federal rezerv tizimi, Yaponiyaning Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi, Germaniyaning Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish federal vazirliklari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama muloqot forumi hisoblanadi. Umuman, HMO yetakchi mamlakatlarning 37 ta idoralari tomonidan taqdim etilgan. A’zolar INATBA Direktorlar Kengashi va ijrochi guruhiga maslahatchi sifatida ishtirok etadilar va hamkorlikni yo‘lga qo‘yadilar.
Agentlikning INATBA HMOga a’zo bo‘lishi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy davlatlarning tartibga soluvchi organlari va xususiy sektor vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etishga, kripto-aktivlar aylanmasi sohasini huquqiy tartibga solish va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri (“blokcheyn”) texnologiyasini joriy etish sohasida ilg‘or tajriba almashishga xizmat qiladi.
HMOga a’zo bo‘lish faqatgina INATBA Direktorlar Kengashining taklifiga muvofiq amalga oshirilishini hamda HMOga ixtiyoriy ravishda qo‘shilishning boshqa imkoniyati mavjud emasligini ta’kidlash joiz.
Agentlik tomonidan INATBA HMOning rasmiy a’zosi maqomini olinishi O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishda va “blokcheyn” texnologiyasini joriy etishda Prezident Sh.M. Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosida e’tirof etilganidan dalolatdir.