Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Soliq qo‘mitasining TEMU elektron savdo platformasi faoliyatini cheklash to‘g‘risidagi AXBOROT XABARI

Hurmatli yurtdoshlar!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 885-son qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan (ushbu norma qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi).
Mamlakatimiz fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025 yil 20 martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, «TEMU» platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.
Tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, yurtdoshlarimizdan bugungi kundan boshlab «TEMU» platformasida buyurtma bermasliklarini so‘raymiz. Bunda, agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa, platformada to‘lovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi.
Agentlik va Soliq qo‘mitasi yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatimizda Soliq ko‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqiradi.