O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy banki vakillari 2025-yil 25-27-noyabr kunlari BAA Markaziy banki tomonidan tashkil etilgan Islom moliyasini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha bilim almashish sessiyalarida ishtirok etdilar. Dasturning maqsadi Islom moliyasida tartibga soluvchilar o‘rtasida tajriba almashish va O‘zbekistonda ushbu sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi.
Dastur davomida ishtirokchilar milliy Islom moliya strategiyasini ishlab chiqishning asosiy jihatlarini, shuningdek, davlat idoralari o‘rtasida samarali o‘zaro ta’sir mexanizmlarini ko‘rib chiqdilar. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shariat talablarini kodifikatsiya qilish va zamonaviy shariat boshqaruv modellarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar shuningdek, shariat auditi, hisobot berish va oshkor qilish masalalariga to‘xtalib, prudensial standartlar, risklarni boshqarish yondashuvlari va Islom moliya institutlarini nazorat qilishni muhokama qildilar. Alohida bo‘lim Islom pul-kredit vositalari va likvidlikni boshqarish mexanizmlariga, jumladan, Markaziy Shariat Kengashining shariatga muvofiqlik tizimini yaratishdagi roliga bag‘ishlandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi BAA ning eng yirik moliya institutlari – First Abu Dhabi Bank, Dubai Islamic Bank va Emirates NBD ga tashrif buyurib, islom bankchiligini joriy etish, shariat qoidalariga rioya qilishni tashkil etish va tartibga solish jarayonlari bo‘yicha amaliy tajriba bilan tanishdi.
Islom moliya sohasidagi xalqaro hamkorlik O‘zbekistonda barqaror ekotizimni shakllantirishga, xalqaro standartlarni joriy etishga va tartibga solish imkoniyatlarini rivojlantirishga hissa qo‘shadi, moliya sektorini diversifikatsiya qilish va uning global raqobatbardoshligini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Idoraviy mansub tashkilotlar