logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

“O‘zbekinvest” AJ sug‘urta kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib IPO jarayonini boshladi

28.11.2023
1748

So‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan islohotlar amalga oshirilmoqda. Moliya bozori maqsadli va jadal rivojlanib, xalqaro va mahalliy investorlar uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Kapitalni, jumladan horijiy kapitalni jalb qilish vositasi sifatida fond bozorining rivojlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi “Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6207-son Farmoniga, shuningdek, Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi tomonidan IPO joylashtirish taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekinvest” O‘zbekistondagi 38 ta sug‘urta kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib IPOga chiqdi va “Toshkent” respublika fond birjasiga ustav kapitalining 5 foizi (14,1 milliard so‘m) miqdoridagi aksiyalarini joylashtirdi.

“Bizning fikrimizcha, eng yirik sug‘urta kompaniyalaridan birining IPOga chiqishi, bir tomondan, sug‘urta bozori faoliyatida shaffoflikni ta’minlashga kuchli turtki bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qimmatli qog‘ozlar bozori faolligini yanada oshiradi. IPOga chiqish uchun “O‘zbekinvest” kompaniyasi xodimlari xalqaro standartlarga rioya qilish va kompaniyaning moliyaviy barqarorligini xalqaro reyting agentliklari tomonidan tan olinishi bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Bugun esa kompaniya rahbariyati va uning xodimlarini ana shunday samarali ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirayotgani bilan tabriklamoqchimiz”, — dedi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak taqdimot marosimini ochib berar ekan.

Ma’lumot uchun: Bugungi kunda O‘zbekistonda 38 ta sug‘urta kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston sug‘urta bozorini rivojlantirish jarayonida 2023 yilning to‘qqiz oyida 2022 yilning shu davriga nisbatan 33 foizdan ortiq o‘sish bilan 5,9 trillion so‘m yig‘ish ta’minlandi. Uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 0,8 foizni, sug‘urta tashkilotlari tomonidan iqtisodiyotga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 5,7 trillion so‘mga yetdi. Sug‘urta bozori tarixida ilk marotaba sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘langan tovon puli 1 trillion so‘mdan oshdi.