Yangiliklar
Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash masalalari bo‘yicha trening
Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (Agentlik) tarkibiy bo‘linmalar xodimlari uchun “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish tizimini baholash usullari va vositalari” mavzusida onlayn-trening o‘tkazildi.
Agentlik tashabbusi bilan tashkil etilgan treningni PwC kompaniyasi mutaxassislari – direktor, Yevroosiyo mintaqasidagi Forenzik amaliyoti rahbari Vitaliy Falin, katta menejeri Sergey Sisenko va menejeri Georgiy Eksuzyanlar o‘tkazdi. Mutaxassislar Agentlik taklifiga binoan o‘z qarashlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, bu esa o‘z navbatida, xodimlarning moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishning xavf-xatarlari va mexanizmlari haqida xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
AML tizimini baholash usullari va vositalarini hamda ularning tegishli risklarni minimallashtirishdagi rolini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan treningda AML tizimining nazariy va amaliy jihatlari ochib berildi.
PwC mutaxassislari, xususan, AML tizimining tarkibiy qismlari, AML ko‘rsatkichlari monitoringi jarayonining tuzilishi, qo‘llanilishi misollari, tashqi audit jarayonining usullari va tuzilishi haqida so‘zlab berdilar.