logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

03.10.2023
4245

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish to‘g‘risida”gi

Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi PQ-3150-son “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

 

Mazkur hujjat qo‘yidagilarni nazarda tutadi:

 

- asosiy tushunchalar va ta’riflar;

- ruxsat berish talablari va shartlari;

- ruxsatnoma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar;

- ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;

- ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, unga o‘zgartirish kiritish va uning amal qilish muddatini uzaytirish hamda ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi;

- Ruxsat berish talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish

 

Nizomda, shuningdek, mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshirilishi, maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkinligi belgilangan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son qaroriga muvofiq, mayning uchun yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda elektr energiyadan foydalanilgan taqdirda:

- iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlar belgilangan tarifga nisbatan 2 barobar o‘suvchi koeffitsiyentga muvofiq to‘lanadi;

- tig‘iz davrda iste’mol qilingan elektr energiya uchun tegishli tariflarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ustamalar qo‘llaniladi.

 

Bundan tashqari, maynerlarga mayning jarayonida olingan kripto-aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega kripto-birjalarda sotish imkoniyati beriladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi hududida:

- yashirin mayningni;

- anonim kripto-aktivlar mayningini;

- ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni amalga oshirish;

- mayningni ruxsatnomasiz amalga oshirish taqiqlanadi.

 

Tadbirkorlik subyektlari diqqatiga: mayning va xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini tashkil etish ruxsat beruvchi hujjat va belgilangan tartibda litsenziya olinganidan keyingina mumkin bo‘ladi.

 

Agentlik barcha fuqarolardan qonun doirasida ish olib borishni hamda tegishli litsenziya va (yoki) ruxsat beruvchi hujjatni olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni tashkil etishga urinishdan, shuningdek, litsenziyasiz xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar xizmatlaridan foydalanmaslikni so‘raydi.