O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi -
kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (keyingi o'rinlarda - Agentlik) Meta kompaniyasi vakillari bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Meta platformalarida kontentni moderatsiya qilish, jumladan, belgilangan qoidalar va talablarni buzuvchi materiallarni aniqlash va ularni qayta ishlashga doir yondashuvlarni muhokama qildilar. Shuningdek, o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va tajriba almashish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv Agentlik va Meta kompaniyasi o‘rtasida avval boshlangan muloqotning davomi bo‘ldi. Joriy yilning iyun oyida tomonlar internetda firibgarlikka qarshi kurashish, internet tarmog‘ida yoshga doir cheklovlar va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalarini muhokama qilgan edi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.