logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Mayning faoliyati uchun ariza jo‘natish ATi yaratildi

01.02.2024
2019

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan “Ro‘yxatdan o‘tish” axborot tizimini yaratish ishlari yakunlanmoqda. Axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi hududida mayning faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatlarni taqdim etish uchun mo‘ljallangan.

“Ro‘yxatdan o‘tish” axborot tizimi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qarori, shuningdek, Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 3461 2023-yil 29-sentabr)ga muvofiq ishlab chiqildi.

Mayning faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari o‘z arizalarini axborot tizimi orqali topshirishlari mumkin.

Murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Ariza beruvchining murojaatiga javob ham ushbu axborot tizimi orqali taqdim etiladi va arizachining shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.

Barcha bosqichlar (yo‘nalish, ko‘rib chiqish, javob berish) o‘tib bo‘linganidan so‘ng, ariza beruvchining ro‘yxatdan o‘tish paytida ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga (email) tegishli bildirishnomalar yuboriladi.

Ariza topshirish uchun ariza beruvchi yuridik shaxs (O‘zbekiston Respublikasi rezidenti) www.napp.uz rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinetiga kirishi lozim.

Saytning yuqori o‘ng burchagidagi "Kirish" tugmasi orqali axborot tizimiga (shaxsiy kabinetga) kirish mumkin. Login yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi (ERI) yordamida amalga oshiriladi.

So‘ng "Rol tanlash" qismida yuridik shaxs (jismoniy shaxs emas) belgilanadi.

Tizimga kirilganida "Mayning" tugmasini tanlash kerak. Chap tarafdagi menyuda "Ariza yuborish" tugmasi bosilib, "Talablar bilan tanishdim" yozuviga belgi qo‘yilganidan so‘ng, barcha maydonlar to‘ldirilishi kerak bo‘lgan sahifaga o‘tiladi (tegishli fayllarni ilova qilish,  qo‘shimcha maydonlarni tanlash yoki to‘ldirish).

Jarayon tugagandan so‘ng, ariza beruvchidan elektron pochta manzilini ko‘rsatish talab qilinadi va arizani topshirgandan so‘ng, arizasi muvaffaqiyatli topshirilganligi haqida xabar oladi.

Axborot tizimi test rejimida ishga tushirildi.

“Ro‘yxatdan o‘tish” axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha savollar yoki takliflarni a.zakirov@napp.uz, t.saliev@napp.uz elektron manzillariga yuborish yoki +998712317905, +998712317920 telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin.