Yangiliklar
Marketpleyslar bo‘yicha ikkinchi xalqaro konferensiya
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Jahon banki ko‘magida hamda O‘zbekiston sellerlari uyushmasi, Elektron tijorat uyushmasi tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tashkil etilgan Marketpleyslar bo‘yicha ikkinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida davlat idoralari vakillari, Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi soha ekspertlari va biznes rahbarlari ishtirokida elektron tijoratning asosiy tendensiyalari, bozorlarni ilgari surish strategiyalari va innovatsiyalarni muhokama qilish uchun ko‘rgazma va panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi.
“Agentlik oldida qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, elektron tijorat doirasida amalga oshirilayotgan jarayonlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘plab ishlar turibdi.
Agentlik o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun bozorning professional ishtirokchilari, ishbilarmon doiralar vakillari, aholi, xorijiy investorlar bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazib, mavjud muammo va soha rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar yuzasidan ularning fikr-mulohazalarini o‘rganmoqda.
Ayni paytda Agentlik tomonidan bozor tadqiqotlari, elektron tijoratni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini inventarizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda, shuningdek, aniqlangan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Elektron savdo maydonchalari orqali eksportni rag‘batlantiradigan mexanizmlarni joriy etish, shuningdek, respublika hududida ularning ekotizimlarini barcha ishtirokchilar tomonidan yaratish alohida ustuvor vazifalarimizdir”, — dedi agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak tadbirning tantanali ochilish marosimida.
Ta’lim, tarmoq va innovatsiyalar uchun platformani ta’minlagan holda, Marketpleyslar bo‘yicha ikkinchi xalqaro konferensiya ishtirokchilarga so‘nggi tendensiyalar bilan tanishish, o‘z malakalarini oshirish va biznes aloqalarini kengaytirish, Markaziy Osiyo mintaqasida elektron tijoratni rivojlantirishga hissa qo‘shish imkonini berdi.