logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi

03.11.2022
1235

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarida – Agentlik) kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish, hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qaroriga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish qoidalari (tartib raqami 3395, 2022 yil 31 oktabrda ro‘yxatdan o‘tgan) tasdiqlandi:

– asosiy tushunchalar, atamalar va ta’riflar;

– kripto-do‘kon majburiyatlari;

– mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi;

– kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni tashkil etish tartibi va boshqa talablar.

Qoidalar bilan, jumladan kripto-do‘konga mijozlari oldidagi majburiyatlarini bajarish uchun kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash operatsiyalarini O‘zbekiston Respublikasida joylashgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari yoki xorijiy davlatda joylashgan platformalarda amalga oshirishga huquqi belgilandi.

Shu bilan birga, Qoidalarga muvofiq kripto-do‘konda quyidagi operatsiyalarni amalga oshirish mumkinligi belgilandi:

  1. a) kripto-do‘konning elektron platformasi orqali:

jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish va (yoki) sotish;

chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni xorijiy valyutada sotib olish va (yoki) sotish;

  1. b) kripto-do‘konning savdo obyekti orqali:

jismoniy shaxslar tomonidan bank o‘tkazmalarini amalga oshirish orqali kripto-aktivlarni milliy valyutada sotib olish;

mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni naqd pul ko‘rinishida milliy va (yoki) xorijiy valyutada sotib olish;

mijozlar tomonidan kripto-aktivlarni faqat milliy valyutada sotish.

Bunda sotib olish obyekti sifatida kripto-aktivlarni tanlash va bu tanlovning tegishli oqibatlari sotib oluvchining o‘z tavakkalchiligidir.

Kripto-do‘konda quyidagi operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlandi:

– majburiy identifikatsiyadan o‘tkazilmagan mijozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar;

– O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan kripto-aktivlar bilan operatsiyalar;

– anonim kripto-aktivlar hamda o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni sotib olish va (yoki) sotish operatsiyalari.

Shu jumladan, Qoidalar bilan kripto-do‘kon mijozlar mablag‘larini qabul qilishi va saqlashiga, shuningdek ularning nomidan va ularning hisobidan kripto-aktivlarni sotib olish va (yoki) sotish bo‘yicha operatsiyalarda ishtirok etishga haqli emasligi belgilarni.

Mazkur Qoidalarning qabul qilinishidan asosiy maqsad fuqarolarga kripto-aktivlarni qonuniy asoslarda sotib olish va (yoki) sotish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlarining e’tiborini mayning va xizmatlar provayderlari faoliyatini tashkil etish belgilan tartibda ruxsat beruvchi hujjat va litsenziya olingandan keyingina amalga oshirilishi mumkinligiga qaratamiz.

Shuningdek, Agentlik barcha fuqarolardan qonun doirasida harakat qilishni hamda tegishli litsenziya va (yoki) ruxsat beruvchi hujjatsiz kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni tashkil etishga urinmaslikni hamda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan xizmatlar provayderlari xizmatlardan foydalanmaslikni so‘raydi.