Yangiliklar
KRIPTO-BIRJADA KRIPTO-AKTIVLAR SAVDOLARINI AMALGA OSHIRISH QOIDALARI TASDIQLANDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3150-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarida – Agentlik) kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish, hamda ushbu sohada faoliyatni litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-son qaroriga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi Kripto-birjada kripto-aktivlar savdolarini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi:
– asosiy tushunchalar, atamalar va ta’riflar;
– mijozlar bilan munosabatlarni o‘rnatish tartibi;
– kripto-aktivlar savdolarini tashkil etish tartibi;
– to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdolarni amalga oshirish tartibi;
– mijozlar bilan vositachilik munosabatlari asosida bitimlar tuzish tartibi;
– kripto-birjada hisob-kitob-kliring operatsiyalarini o‘tkazish tartibi.
Shu bilan birga, ushbu hujjat bilan o‘zaro o‘zgarmas tokenlar (NFT) bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi ham belgilangan.
Ma’lumot uchun: o‘zaro o‘zgarmas token – moddiy va (yoki) boshqa mulk bilan ta’minlanmagan, mulkdorning raqamli shakldagi noyob kontentga (matn, audiovizual, musiqiy, fotografik asarlar, shuningdek tasviriy san’at asarlari va boshqalar) bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi kripto-aktivning alohida turi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni xorijiy kripto-birjalar va platformalarda boshqa turdagi kripto-aktivlarga ayirboshlashi mumkinligi belgilandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan o‘zaro o‘zgarmas tokenlarni xorijiy kripto-birjalar va platformalarda ayirboshlanganligi natijasida qabul qilingan kripto-aktivlar o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlarining (keyingi o‘rinlarida – xizmatlar provayderlari) elektron platformalarida sotiladi.
Bundan tashqari, yuqoridagi qoidalarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida kripto-aktivlarni milliy va (yoki) xorijiy valyutaga sotish va sotib olish hamda kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarini xizmatlar provayderlaridan tashqarida amalga oshirish taqiqlanadi, bundan qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik subyektlarining e’tiborini mayning va xizmatlar provayderlari faoliyatini tashkil etish belgilan tartibda ruxsat beruvchi hujjat va litsenziya olingandan keyingina amalga oshirilishi mumkinligiga qaratamiz.
Shuningdek, Agentlik barcha fuqarolardan qonun doirasida harakat qilishni hamda tegishli litsenziya va (yoki) ruxsat beruvchi hujjatsiz kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni tashkil etishga urinmaslikni hamda belgilangan tartibda litsenziyaga ega bo‘lmagan xizmatlar provayderlari xizmatlardan foydalanmaslikni so‘raydi.