logo
connect
Oʼzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi
FAQ

Yangiliklar

foto

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatini amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorlari, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi belgilandi

30.09.2022
310

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-son “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning 3-bandining “m” kichik bandiga (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 apreldagi PF-121-son Farmoni tahririda) muvofiq kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yuridik shaxslar yig‘im to‘laydilar. Yig‘imlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Agentlik o‘rtasida taqsimlanadi.

Yig‘imlar miqdori, ularni to‘lash va ularning taqsimlanishi Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda tasdiqlanadigan tartib asosida amalga oshiriladi.

Shu bois, Agentlikning 2022 yil 30 avgustdagi 2-son, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 30 avgustdagi 45-son va O‘zbekiston Respupblikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2022 yil 18 avgustdagi 2022-26-son qarori bilan Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomi (3388-son ro‘yxat raqami, 2022 yil 28 sentabr) tasdiqlanib, u bilan quyidagilar:

– yig‘imlar ularni to‘lash sanasida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdoriga (bundan buyon matnda BHM deb yuritiladi) nisbatan:

mayning faoliyati uchun – BHMning 10 baravari;

xizmatlar provayderlari bo‘yicha:

kripto-birja faoliyati uchun – BHMning 400 baravari;

mayning-pul faoliyati uchun – BHMning 100 baravari;

kripto-depozitariy faoliyati uchun – BHMning 5 baravari;

kripto-do‘kon faoliyati uchun – BHMning 20 baravari miqdorlarda;

– yig‘imlarni to‘lash va taqsimlash tartibi belgilanmoqda.

Quyidagilarga e’tiborni qaratish lozimki, yuqoridagi Nizomga muvofiq:

– litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat joriy oyning yigirmanchi sanasiga qadar olinganda, yig‘im ushbu oy uchun to‘liq miqdorda, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat joriy oyning yigirmanchi sanasidan keyin olinganda esa keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab to‘lanadi;

– kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat to‘xtatib turilganda yoki tugatilganda, yig‘imni hisoblab chiqarish keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab to‘xtatib turiladi.

Agentlik tomonidan kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish va tartibga solishni ta’minlash borasida ishlar davom ettirilmoqda.

Ma’lumot uchun : +998 71 231-79-05