Yangiliklar
Kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Markaziy va tijorat banklari vakillari ishtirokida kapital bozori to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar, xususan, derivativlarga aloqador qismida YETTB bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Derivativlar risklarni boshqarish hamda ishonchli va likvid kapital bozorlarini yaratishga ko‘maklashishda muhim rol o‘ynaydi.
Uchrashuvda qonun loyihasi, derivativ vositalar turlari, yangi normalarni joriy etish va sohani tartibga solish masalalari yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston moliya bozorlariga xalqaro investorlarni jalb qilish imkoniyatini yaratuvchi hosilaviy qimmatli qog‘ozlar bo‘lmish svop va derivativlarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ishtirokchilar vakolatli REPO bitimlari, ishlab chiqarish vositasi bitimlari hamda yagona bosh bitim bilan tartibga solinadigan boshqa bitimlar bo‘yicha likvidatsion nettingni amalga oshirishga imkon beruvchi o‘zgartirishlarni qonunchilikka kiritish xalqaro tajribasini ko‘rib chiqdilar.
Bank vakillari, shuningdek, shu yilning sentabr oyida Londonda xalqaro svoplar va derivativlar assotsiatsiyasi (ISDA) ekspertlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari haqida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, ISDA hamda YETTB tomonidan moliyaviy operatsiyalar sohasidagi qonunchilik auditini o‘tkazish jarayonida tegishli ekspert xulosalari, tavsiyalar hamda texnik yordam amalga oshirilishi haqida ma’lum qildilar.